Yangiliklar
Xorazm viloyatida Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M.Istamovning to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan sayyor qabuli tashkil etildi.
Sayyor qabulda 20 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari vakillari va sud boshqaruvchilari ishtirok etib, o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaat va takliflarini bildirdi.
Xususan,
to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida uchrayotgan amaliy muammolar;
qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar;
davlat organlari axborot tizimlari integratsiyasi;
mol-mulkni realizatsiya qilishga doir taqiq bilan bog‘liq masalalar;
banklar va ijro organlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, tizimli muammolarni bartaraf etish va ularni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Sayyor qabul yakunlariga ko‘ra:
3 ta murojaat joyida hal etildi;
7 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi;
o‘rganilishi talab etilayotgan holatlar bo‘yicha 14 ta murojaat ish yurituvga qabul qilindi.
Mazkur sayyor qabul tadbirkorlar va sud boshqaruvchilarini qiynayotgan masalalarni bevosita joyida o‘rganish, mavjud muammolarga amaliy yechim topish hamda to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi tizimli masalalarni bartaraf etishga xizmat qildi.
2017-yil 21-dekabrdagi O‘RQ-450-son Qonunga muvofiq har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni etib belgilangan.
Ushbu sana munosabati bilan barcha qurilish sohasi xodimlarini samimiy tabriklaymiz! Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, bunyodkorlik yo‘lida yangi yutuqlar tilaymiz.
Hurmat bilan,
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi jamoasi
“Yoshlar kuni” doirasida viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati ishtirokida Urganch davlat universitetida zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellektdan samarali foydalanish va yoshlarning innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda yoshlar o‘rtasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali va mas’uliyatli foydalanish, huquqiy axborotlarni raqamli platformalar orqali izlash, kibermakon xavfsizligi hamda raqamli huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bugungi kunda adliya organlari faoliyatida zamonaviy texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlari, huquqiy xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi raqamli davrda zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish yoshlarning bilim va salohiyatini yanada rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirishda muhim omil hisoblanadi.
Yangi o‘quv yili yaqinlashmoqda, demak, maktab bilan bog‘liq yumushlarni ham ortiqcha ovoragarchiliksiz, uydan chiqmagan holda hal qilish vaqti keldi.
Bugun, 1-avgustdan my.gov.uz portalida quyidagi 3 ta raqamli xizmat qaytadan ishga tushirildi:
O‘quvchini bir davlat maktabidan boshqasiga o‘tkazish;
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini davlat maktablariga qabul qilish;
O‘zbekiston fuqarolarining xorijda ta’lim olgan farzandlarini davlat maktablariga qabul qilish.
Arizani my.gov.uz orqali uydan chiqmagan holda topshirishingiz va holatini elektron tarzda kuzatib borishingiz mumkin.
Davlat xizmatlariga oid eng so‘nggi yangiliklar va qulayliklardan xabardor bo‘lish uchun bizni kuzatishda davom eting!