Yangiliklar
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro M.Xudayberganovning murojaati asosida uning birja orqali sotib olgan noturar obʼekti boʼyicha oshirilgan stavkada hisoblangan yer soligʼining qonuniyligi oʼrganildi.
Oʼrganish natijasida Urganch tuman davlat soliq inspektsiyasi tomonidan foydalanilmayotgan obʼekt tariqasida, Urganch tumani, Qoromon mahallasidagi qurilishi tugallanmagan “Sutni qayta ishlash sehi” binosi joylashgan yer uchastkasiga oshirilgan stavkada soliq hisoblanishida qonunbuzilish holatlariga yoʼl qoʼyilganligi aniqlandi.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Urganch tumanlararo maʼmuriy sudiga kiritilgan arizaning koʼrib chiqilishi natijasi boʼyicha, sudning 2021 yil 30 avgustdagi hal qiluv qarori bilan Urganch tuman davlat soliq inspektsiyasining qurilishi tugallanmagan “Sutni qayta ishlash sehi” binosi joylashgan yer uchastkasi boʼyicha 2020 yil iyul oyidan dekabr oyiga qadar boʼlgan davr uchun umumiy tartibdagi yer soligʼidan tashqari, oshirilgan soliq stavkalarda jami 14 609 572 soʼm, ushbu summa uchun penya hamda SORJga 1,3 mln. soʼm hisoblash hamda ushbu hisoblangan summani fuqaro M.Xudayberganovdan talab qilish bilan bogʼliq harakatlari qonunga xilof deb topildi.
Shuningdek, sud qarori bilan Urganch tuman davlat soliq inspektsiyasi zimmasiga ushbu davr uchun qoʼllanilgan taʼsirchan soliq summasini hamda penyani Soliq kodeksida belgilangan talablardan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilish hamda hisoblangan summani 2019 yil 1 avgustga qadar amalda boʼlgan soliq toʼgʼrisidagi qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqib undirish majburiyati yuklatildi.
Bu bilan fuqarodan 16,0 mln. soʼm atrofidagi yer soligʼi noqonuniy undirib olinishi oldi olindi.