Янгиликлар
06
Tadbirkorning xususiy mulk huquqi himoya qilindi
Qo‘shko‘pir tumani adliya bo‘limiga fuqaro J.S. tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida elektron auksion orqali sotib olgan yer uchastkasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm viloyati filialiga tegishli transformator qurilmasi joylashganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Aniqlanishicha, fuqaro 2025-yil 3-fevral kuni “E-auksion” elektron platformasi orqali Qo‘shko‘pir tumanining “Tagalak” mahallasidan tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkasini sotib olgan.
Biroq yer uchastkasini ko‘zdan kechirish jarayonida hududda elektr tarmoqlari tashkilotiga tegishli transformator qurilmasi mavjudligi aniqlangan.
Fuqaro ushbu qurilmani olib chiqib ketish masalasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm viloyati filialiga bir necha marotaba murojaat qilgan bo‘lsa-da, masala ijobiy hal etilmagan.
Shundan so‘ng fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan, biroq muammo hal etilmagach, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan holat va xususiy mulk huquqini himoya qilish yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Murojaat adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilib, fuqaro J.S.ning manfaatlarini ko‘zlab, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm viloyati filialiga transformator qurilmasini fuqaroning xususiy mulkida bo‘lgan hududdan olib chiqib ketish majburiyatini yuklash to‘g‘risida Urganch tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud tomonidan da’vo arizasi qanoatlantirilib, tadbirkorning xususiy mulk huquqlarini himoya qilish ta’minlandi.
Adliya aralashgach — muammo qonuniy yechim topdi.