Янгиликлар
20
“Bir kunlik rahbar” loyihasi: davlat xizmatiga ichkaridan nazar
“Yoshlar kuni” doirasida viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati ishtirokida Xiva shahar adliya bo‘limida “Bir kunlik rahbar” loyihasi tashkil etildi.
Loyiha doirasida yoshlar Xiva shahar adliya bo‘limi hamda uning tarkibiy bo‘linmalari — Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, Davlat xizmatlari markazi va FHDY bo‘limining bir kunlik ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, adliya organlarining kundalik faoliyatini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida yoshlarga adliya bo‘limining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, davlat xizmatlarini tashkil etish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, aholiga huquqiy axborot yetkazish hamda huquqiy xizmatlar ko‘rsatish jarayonlari haqida amaliy ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlar rahbarning ish jarayonida amalga oshiradigan vazifalari, boshqaruv qarorlarini qabul qilish, jamoa bilan ishlash va fuqarolar bilan samarali muloqot qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv davomida yoshlar hamda viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilib, davlat xizmatining o‘ziga xos jihatlari, sohadagi imkoniyatlar va yoshlarning davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi masalalari yuzasidan fikr almashildi.
“Bir kunlik rahbar” loyihasi yoshlarni davlat boshqaruvi faoliyatiga yaqindan jalb etish, ularda liderlik, mas’uliyat va tashabbuskorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, davlat xizmatiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, davlat xizmati va adliya organlari faoliyati haqida amaliy bilim va taassurotlarga ega bo‘ldi.