Янгиликлар
06
Xorazmda nizolarni mediatsiya usulida hal etish bo‘yicha “mahalla yettiligi”ni o‘qitish borasida seminar tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Xorazm viloyatidagi o‘rganishlari doirasida navbatdagi o‘quv seminari o‘tkazildi.
Urganch davlat universitetida tashkil etilgan seminarda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida mahalla faoliyatiga mas’ul vazirlik va idoralar, hududiy tashkilotlar rahbarlari hamda "mahalla yettiligi" vakillari ishtirok etdi.
Seminarda mahallalarda nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini keng joriy etish, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro kelishuv madaniyatini rivojlantirish hamda mediatsiya institutining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida Adliya vazirligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan “Oilaviy nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal etish” hamda mahalla raislaridan professional mediatorlarni tayyorlash mavzularida ma’ruzalar qilinib, nizolarni muqobil hal etishning amaliy jihatlari, mediatorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, seminar yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, mavzu yuzasidan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Mazkur o‘quv seminarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallalarda nizolarning oldini olish, ularni mediatsiya orqali samarali hal etish amaliyotini kengaytirish hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iborat.