Янгиликлар
15
Huquqiy bilim va iste’dodlar uyg‘unligi: “Humo” bolalar oromgohida huquqiy aksiya.
Joriy yilning 25-mayidan 25-iyuniga qadar Adliya vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab “Bolalar va yoshlarning huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur aksiya doirasida Xorazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Qo‘shko‘pir tumanidagi “Humo” bolalar oromgohida keng qamrovli ma’rifiy va huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Tadbirlar yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ijtimoiy faolligini rag‘batlantirishga qaratildi.
Dastlab, viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuv davomida yosh avlodning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Shuningdek, “Yoshlarning huquqlari va imtiyozlari” mavzusidagi huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etilib, ishtirokchilarga qonunchilikda belgilangan huquq va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi va hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbir davomida huquqiy viktorina va blits savol-javoblar tashkil etilib, yoshlar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish bilan birga yangi huquqiy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, shaxmat, shashka, stol tennisi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazilib, sog‘lom raqobat va jamoaviy hamjihatlik muhiti yaratildi.
Oromgoh hududida turli yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyati, “To‘garaklar va iste’dodlar maydoni” hamda yoshlarning ijodiy ishlari namoyishi tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini keng jamoatchilik oldida namoyish etish imkonini berdi.
Ayniqsa, “Men va mening huquqlarim” mavzusidagi rasm chizish tanlovi bolalarda huquqiy tushunchalarni ijodiy yondashuv orqali ifodalash ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, “Huquqiy avtobus” va sayyor davlat xizmatlari faoliyati yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi. Tadbirlar davomida huquqiy videoroliklar, shu jumladan “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusidagi videoroliklar namoyish etilib, targ‘ibot materiallari — buklet va flayerlar tarqatildi hamda yoshlarga huquqning ilk tushunchalari sodda va tushunarli tarzda yetkazildi.
Tadbir yakunida sport musobaqalari, tanlov va viktorinalarda g‘olib bo‘lgan hamda faol ishtirok etgan yoshlar munosib taqdirlandi.
Bunday tadbirlar yosh avlodning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonunga hurmat ruhini mustahkamlash hamda ularni Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatli va faol fuqarolar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.