Янгиликлар
26
Tuproqqal’ada “Adolat sayli”: huquqiy madaniyatni oshirishning xalqchil va zamonaviy modeli
Xorazm viloyati Urganch shahridan qariyb 90 kmdan ortiq uzoqlikda joylashgan Tuproqqal’a tumanidagi Munis al-Xorazmiy nomidagi istirohat bog‘ida keng jamoatchilik ishtirokida “Adolat sayli” huquqiy aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur aksiya sportni va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan “Sog‘lom turmush tarzi uchun 5 000 qadam” huquqiy marshi bilan boshlanib, unda adliya xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
“Adolat sayli” doirasida huquqiy targ‘ibot, madaniy-ma’rifiy loyihalarni o‘zida mujassam etgan keng qamrovli dasturlar tashkil qilindi.
Tadbirning madaniy-ma’rifiy qismida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mexmonali Salimov hamda bir guruh madaniyat sohasi vakillari ishtirok etib, o‘zlarining badiiy chiqishlari va teatr va akterlik mahoratlari hamda konsert dasturlari bilan tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir doirasidagi “Intellektual mulk huquqlari qonun himoyasida” mavzusida ko‘rgazmalar, X.Sulaymanova nomidagi sud-ekspertiza markazining ko‘rgazmali asbob-uskunalari va hujjat namunalari ko‘rgazmasi, quyosh panellari ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, hunarmandlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tayyorlagan mahsulotlari yarmarkasi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, “Ziyo ulash” loyihasi doirasidagi kitoblar ko‘rgazmasi, harbiy texnika va qurol-aslahalar, rassomchilik asarlari, maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan turli xil ko‘rinishdagi maishiy buyumlar ko‘rgazmalari tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
“Zakovat” intellektual o‘yini, “Street law” loyihasi, “Adliya – bu…” mavzusida rasm chizish hamda huquqiy viktorinalar o'tkazilib, ishtirokchilar ayniqsa yoshlarning huquqiy bilimlari sinovdan o'tkazildi.
Huquqiy sayil doirasida sportning shaxmat, shashka, armrestling, stol tennis va badminton turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
“Huquqiy avtobus” loyihasi doirasida Davlat xizmatlari markazlari va FHDY bo‘limlari tomonidan tezkor, qulay va shaffof sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan aholini qiziqtirgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun sayyor qabullar tashkil etilib, aholi o‘zini qiynab kelayotgan masalalar bo‘yicha adliya organlariga bevosita murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va javobgarlik masalalari, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nikoh va oila munosabatlariga oid huquqiy tushunchalar berilib, qonunchilikda yoshlarga berilgan imtiyozlar va subsidiyalarni tushuntirishga qaratilgan buklet, flayerlar tarqatildi.
Aksiyaning maqsadi - jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasini yanada yuksaltirish, aholiga, shu jumladan, yoshlarga huquqiy axborotlarni tizimli va tushunarli shaklda, zamonaviy va innovatsion texnologiyalardan samarali foydalangan holda yetkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirishdan iboratdir.
“Adolat sayli” aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat organlari bilan ochiq muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.