Янгиликлар
08
Xotira – aziz, qadr – muqaddas!
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi jamoasida o‘tkaziladigan “timbilding” tadbirlari dasturi doirasida 9- may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Faxriylar – doim e’zozda” nomli “Uch avlod uchrashuvi” hamda ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda adliya organlarida uzoq yillar davomida fidokorona mehnat qilgan faxriylar, viloyat adliya boshqarmasi hamda uning tizimidagi idoralar xodimlari, shu jumladan, sohaga endigina qadam qo'ygan yosh huquqshunoslar ishtirok etdi.
Mazkur tadbirdan asosiy maqsad — yurtimiz tinchligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini yod etish, bugungi osoyishta hayotimiz uchun xizmat qilayotgan insonlarga hurmat bajo keltirish, shuningdek, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i N.Jumanyozov ochib berib, Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi. Ushbu sana ajdodlarimiz jasorati va fidoyiligini yod etish, bugungi tinch va farovon hayotimiz qadriga yetish, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir davomida adliya faxriylari hamda boshqarma tizimidagi xodimlar o‘rtasida samimiy muloqot tashkil etildi. Ustozlarning hayotiy tajribasi, kasbiy faoliyati davomida erishgan yutuqlari, amalga oshirgan ishlari haqida so‘z yuritildi hamda faxriylar o‘zlarining kasbiy tajribalari bilan bo‘lishdilar.
Tadbirning badiiy qismida Xorazm viloyati maqom markazining bir guruh san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.