Bog'lanish

Telefon
(+998 62) 226-05-37

Elektron manzil
xorazm@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Sukut ortidagi fojia


Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik muammosi

Bir qarashda hammasi oddiy: bola jim, tinch, o‘z ishini qilib yuribdi. Ammo uning ichki dunyosida nima kechayotganini ko‘ra olmaymiz. Ba’zan u yig‘lamaydi ham — chunki yig‘lashga ham seskanadi. U og‘riqqa ko‘nikib qolgan bo‘ladi. Eng achinarlisi esa — bu og‘riq ko‘pincha eng yaqin insonlar tomonidan yetkaziladi.

Bugungi kunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik muammosi nafaqat oilalar, balki butun jamiyat oldida turgan jiddiy masalaga aylangan. Bu muammo ko‘pincha yashirin kechadi, shu sababli uning ko‘lami ko‘rinib turganidan ancha kengroq.

Ko‘pchilik zo‘ravonlik deganda faqat jismoniy jazoni tushunadi. Aslida esa u bir necha shakllarda namoyon bo‘ladi. Ruhiy bosim qilish va eʼtiborsizlik ham bolalarga nisbatan zoʻravonlikning bir turi hisoblanadi.

Ayniqsa, ruhiy zo‘ravonlik eng xavflilaridan biridir. “Senga o‘xshaganlar hech narsaga yaramaydi” kabi oddiy ko‘ringan gaplar bolaning ongiga singib, psixologik taʼsir qiladi.

Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, har 4 boladan biri hayoti davomida turli shakldagi zo‘ravonlikka duch keladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, zo‘ravonlik holatlarining katta qismi aynan bola o‘zini eng xavfsiz his qilishi kerak bo‘lgan joy — oilada sodir bo‘ladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Oʻzbekistonda ko‘plab holatlar umuman rasmiy statistikaga ham kirmaydi va yashirin qoladi. Sababi — qo‘rquv, uyat yoki bu holatni “oddiy tarbiya” deb qabul qilishdandir.

Zo‘ravonlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uning ortida bir qator sabablar bor: ota-onalarning psixologik bosimi va stressi, iqtisodiy qiyinchiliklar, tarbiya haqidagi eskirgan qarashlar, o‘z vaqtida to‘g‘ri bilim va ko‘nikmalar berilmaganligidan kelib chiqadi. Ko‘p hollarda bolaga zo‘ravonlik qilayotgan inson ham bir vaqtlar zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bo‘ladi. Bu esa muammoning avloddan-avlodga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Mutaxassislar shunday deydi: “Bola doimiy bosim va qo‘rquv muhitida ulg‘aysa, uning miyasi xavfsizlik rejimida ishlay boshlaydi. Bu esa o‘rganish, rivojlanish va ijtimoiylashuv jarayonlarini sekinlashtiradi.” Bolaga nisbatan har qanday qo‘pol munosabat uning shaxs sifatida shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatlar  ko‘rinmas, lekin chuqur.

Zo‘ravonlikning eng katta xavfi — uning uzoq muddatli ta’siridadir. Bunday muhitda ulg‘aygan bolalarda: o‘ziga ishonchsizlik, doimiy qo‘rquv va xavotir, agressiv xulq yoki aksincha, tortinchoqlik kabi ijtimoiy muammolarda kuzatiladi. Achinarlisi, ular bu xatti-harakatni norma sifatida qabul qilib, kelajakda takrorlashi mumkin.

Bunday kabi hollarda albatta, O‘zbekiston qonunchiligida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilish, uni kamsitish yoki unga zarar yetkazish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, bola — himoyasiz emas. U davlat va jamiyat himoyasida.

Muammoni kamaytirish uchun kompleks yondashuv zarur. Ota-onalar uchun psixologik va tarbiyaviy treninglar, maktablarda kuchli psixologik xizmat tizimi yoʻlga qoʻyilishi lozim. Eng muhimi avvalo, oilada bolani tinglash va tushunishga harakat qilish.

Bu muammo faqat bir oilaning ichki masalasi emas. Agar atrofimizda bolaga nisbatan zo‘ravonlikni ko‘rsak, unga befarq bo‘lish — muammoni yanada chuqurlashtiradi. Har birimiz bolalar xavfsizligi uchun mas’ulmiz.

Baxtli bolalik — har bir bolaning haqqidir. Bu uchun avvalo o‘zini xavfsiz his qilishi kerak. Mehr bilan ulg‘aygan bola — kelajakdagi sog‘lom jamiyat poydevoridir.

Matrasulova Manzura

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Amaliyotchi