Янгиликлар
27
Adliya xabari
Xorazm viloyati adliya boshqarmasida Demokratiya va inson huquqlari instituti, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat bolalar Ombudsmani bilan hamkorlikda “Mustahkam oila – farovon jamiyat” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda oila va xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, “mahalla yettiliklari”dagi ayollar bilan ishlashga mas’ullar, maktab direktorlari va FHDY bo‘limlari mudirlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etdi.
Tadbirning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi oila to‘g‘risidagi qonunchilik asoslari, erta nikohlarni oldini olish, xususan, nikohni o‘z vaqtida qonuniy rasmiylashtirish va nikoh shartnomasi tuzish – oilaviy ajralishlarning oldini olish masalalarini muhokama qilish hamda viloyatdagi xotin-qizlar bilan ishlovchi mahalla faollarining huquqiy bilimlarini oshirishdan iboratdir.
Tadbir davomida oila munosabatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash, erta nikohlarning oldini olish, nikohni qonuniy rasmiylashtirish va nikoh shartnomasining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek ajralishlar sonini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarni viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Qutlimuratova ochib berdi. Shuningdek, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori S.Xodjayeva, viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati hamda tegishli soha vakillari ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF–33-sonli Farmoni bilan jamiyatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, xotin-qizlarga qarshi tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish, erta nikoh va erta tug‘ruq holatlarini oldini olish yuzasidan muhim mexanizmlar yaratilganligini alohida ta’kidladilar.
Tadbir samimiy va ochiq muloqot shaklida olib borilib, ishtirokchilar mavzuga oid fikr-mulohazalarini bildirishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.