Янгиликлар
02
“Texnikalar texnik koʻrigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi
“Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalaridan foydalanish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (170-son, 29.04.2023-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, 2023-yil 1-iyulgacha “Texnikalar texnik koʻrigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi.
2023-yil 1-maydan jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalari majburiy yillik texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
2023-yil 1-sentyabrdan yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlar jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
2023-yil 1-avgustdan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun “Hisob-maʼlumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.
2023-yil 1-sentyabrdan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisida talon berish amaliyoti bekor qilinadi (xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari).
Shuningdek, eski namunadagi texnik pasport, texnik guvohnoma, davlat raqami belgisi va traktorchi-mashinist guvohnomasini majburiy tartibda almashtirishning yakuniy muddati 2023-yil 31-avgust etib belgilandi.
Qaror bilan Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini davlat roʻyxatidan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga koʻra, texnikalar Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Texnikalarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari Inspeksiya, davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP (my.gov.uz) orqali texnika egasi yoki uning vakili soʻrovnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Texnikalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazishda:
texnik pasport beriladigan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalari hamda oʻziyurar mashinalarni davlat roʻyxatidan yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun – BHMning 20 foizi (66 000 soʻm) miqdorida;
texnik guvohnoma beriladigan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish mashinalari, agregatlari va asbob-uskunalarini davlat roʻyxatidan yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun – BHMning 18 foizi (59 400 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.