Янгиликлар
Yangi Konstitutsiyada murojaat qilish huquqi institutining takomillashtirilishi
Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolarning murojaatlariga doir qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilish, uni takomillashtirish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida "Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'ul" ekanligi belgilab qo'yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda..
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi, barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda.
Barchamizga ma’lumki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan g‘oya asosida olib boradi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish borasida vazifalar qo‘yildi.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida
35-moddasiga qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Bunda, “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”ligi belgilanmoqda.
Mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish va aholining muammolarini mahalla darajasida hal qilish uchun keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga ushbu tendensiyaning huquqiy asoslarini kuchaytirish zaruriyati mavjud.
Mazkur qo‘shimcha Konstitutsiya darajadasida har kimning murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar ro‘yxatini kengaytiradi. Mazkur qo‘shimchaning kiritilishi fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda mahallalarning mas’uliyati oshishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxsning davlat organlariga, muassasalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida shakllantirilmoqda. Konstitutsiyada shaxslarning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish turlari mustahkamlab qo‘yildi. O‘z navbatida, har bir shaxs ushbu konstitutsiyaviy huquqini bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Rasulbek IBRAGIMOV
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi
yetakchi maslahatchisi