Янгиликлар
24
Urganchlik Gulchehra Serimbetova 17 yil deganda tugʼilganlik haqidagi guvohnomaga ega boʼldi
2005 yilda Urganch tumanida tug‘ilgan Gulchehra Serimbetova 17 yoshga to‘lguncha shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz yashab kelgan. Uning onasi asli qoraqalpog‘istonlik bo‘lib, qizini chaqaloq paytida tashlab, boshqa mamlakatga ketadi va o‘sha yerda olamdan o‘tadi.
Ona mehri va tarbiyasini ko‘rmay, ota qo‘lida qolgan qizaloq, beparvolik sabab rasmiy hujjatlarga ega bo‘lmasdan ulg‘aydi. Gulchehra o‘zining mustaqil hayotini shaxsini tasdiqlashdan boshlashga qaror qilib, Urganch tumani FHDYO bo‘limiga murojaat qiladi. Murojaat FHDYO bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganilib ko‘rilgan amaliy choralar natijasida Gulchehra oradan 17 yil o‘tib tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega bo‘ldi. Shu tariqa u tengdoshlari kabi fuqarolik pasportini olib, oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olish va o‘z huquqlaridan to‘laligicha foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Oila kodeksiga asosan, tug‘ilishni qayd etish majburiy bo‘lib, fuqarolar bola dunyoga kelganidan boshlab 1 oy ichida FHDYO organlariga murojaat qilishlari lozim. Belgilangan muddatning o‘tib ketganligi tug‘ilganlikning qayd etilishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Qayd etilgan harakatlar bo‘yicha tegishli guvohnomalarni fuqarolarga taqdim etish uchun qonunchilikka binoan, FHDYO organi mas'ul hisoblanadi.