Янгиликлар
22
Fuqaro foydasiga sud buyrug'i chiqarildi!
Shovot tumanida yashovchi fuqaro M.Q.ning “Mashina traktor parki” korxonasi tomonidan unga ish haqi to'lanmayotganligidan norozi bo'lib qilgan murojaati adliya bo'limi tomonidan ko'rib chiqildi.
Aniqlanishicha, “Mashina traktor parki” korxonasida bosh muhandis lavozimida ishlab kelayotgan fuqaro M.Q.ga joriy yilning may oyidan 1-noyabriga qadar ishlagan davri uchun jami 15.996.844 so'm ish haqi murojaatni o'rganish kuniga qadar to'lanmagan.
Mehnat kodeksining 161-moddasida “Mehnatga haq to'lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo'lishi mumkin emas”, — deb belgilab qo'yilgan.
Shuningdek, ushbu kodeksning 154-moddasi talablariga ko'ra, “Ish beruvchi” o'zining moliyaviy holatidan qat'i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu kodeksning 161-moddasida ko'rsatilgan muddatlarda to'lashi shartligi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Mashina traktor parki” korxonasidan fuqaro M.Q.ga to'lanmagan 15.996.844 so'm ish haqini undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo'yicha Shovot tumanlararo sudiga ariza kiritilib, murojaatni qanoatlantirish bo'yicha sud buyrug'i chiqarildi.