Янгиликлар
18
VATAN BAYROGʼI –MILLAT FAXRI!
Mamlakatimizda faxr bilan nishonlanadigan bir qator bayram kunlari eʼlon qilingan boʼlib, shular orasida mustaqillik,ozodlik va hurlik timsoli hisoblangan vatanimiz bayrogʼi qabul qilingan kun 18-noyabr alohida ahamiyat kasb etuvchi bayram sifatida nishonlanadi.Oʼzbekiston Respublikasining davlat bayrogʼi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan boʼlib, bu yil davlatimiz bayrogʼi qabul qilinganligining 30 yilligini katta tantanasini nishonlaymiz.
Milliy bayrogʼimiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi oʼrni hamda rolini koʼrsatishda muhim ahamiyatga ega boʼlib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi.
Bayrogʼimiz respublikamiz dunyoda xalqaro hamjamiyatning tenglar ichra teng aʼzosi ekanligini anglatadi va oʼzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi. U bizning hechkimdan kam emasligimiz hamda aslo kam boʼlmasligimizni yaqqol namoyon etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bayrogʼimizni eʼzozlash fuqarolarda oʼzining qadr-qimmatiga, oʼz mamlakatiga va shaxsiga boʼlgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Mamlakat bayrogʼi bu oddiygina timsol emas, balki butun bir mafkura hisoblanadi. Ular mamlakatning tarixi va mafkurasi haqida aytib turadi.Bayrogʼimizda aks etgan maʼnolarni koʼpchilik yaxshi bilmasligi ham mumkin. Bayroqdagi toʼq moviy rang mangu osmon va obihayot ramzi boʼlib, bu-yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Аmir Temur davlati bayrogʼining rangi ham moviy rangda edi. Oq rang-muqaddas tinchlik ramzi boʼlib, poklik, begʼuborlik, soflik, ichki goʼzallikka intilishning timsoli. Yashil rang-tabiatning yangilanish ramzi. Qizil chiziqlar esa tomirimizda joʼshib oqayotgan ajdodlar qoni-hayotiy qudrat, barqarorlik va bardavomlik nishonasidir.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʼliq boʼlib, u qoʼlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi sanaladi. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Oʼn ikki yulduzga boʼlgan eʼtibor Vatanimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida “Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan izohlanadi.
Vatanimiz bayrogʼi. U tarixning xalqimiz boshiga musibat tushgan davrlari — oʼtgan asr boshlarini yodimizga soladi. Oʼsha kunlar xalqimiz qalbida ketmas dogʼ boʼlib qoldi. Vatan bayrogʼini tutgan qoʼllar qayrildi, ozodlikni kuylagan ovozlar boʼgʼildi… Millat fidoyilari “xalq dushmani”, “quloq”, “sotqin” degan qora nomlar bilan taʼqibga olindi. Dunyoga ne-ne allomalarni bergan qadim xalq omi, savodsizga chiqarildi. Xalqimizga nisbatan aytilgan bu haqorat asl vatandoshlarimiz qalbida maʼrifat olovini yoqdi,ular belini mahkam bogʼlab, millatni erk va ozodlik bayrogʼi ostida birlashishga chaqirdi. Bu magʼrur elning asrlar davomida orzu qilgan gʼururi, shaʼni, qadr-qimmati, irodasini ifodalovchi ozodlik bayrogʼi edi!
Unda ajdodlar orzu-armoni aks etadi. Unda xalqimizning buguni, oʼlmas xotirasi, iymon-eʼtiqodi, kelajakka boʼlgan komil ishonchi jilolanadi.
Sohibqiron Аmir Temur ham oʼz davlati bayrogʼini yuksaklarga koʼtardi va bu bayroq ostida buyuk elni birlashtirdi, u bunyod etgan ulugʼ saltanatni dunyo tan oldi.
“Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik koʼrsatib gʼalaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tugʼ va nogʼora inʼom qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechogʼli baland maqom tutganidan dalolat beradi.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulugʼ sanaladi. Chunki u xalqning oʼtmishi, buguni va kelajagini oʼzida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning oʼrni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharafsanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrogʼini yov qoʼliga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qoʼlida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qoʼlidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi.
Tugʼini jonidan ortiq asragan Toʼmaris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Аmir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʼnlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat boʼlib xizmat qiladi. Аslida Vatan bayrogʼini koʼzga surtish, uni toʼtiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor boʼlish deganidir.
Milliy bayrogʼimizning davlat idora va muassasalari, oʼquv yurtlari, Oʼzbekiston aʼzo boʼlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʼururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona oʼtash uchun bayrogʼimizni oʼpib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, koʼzlaridagi joʼmardlikni koʼrib, faxrlanamiz. Аna shunday lahzalarda hech mubolagʼasiz Vatanimiz bayrogʼini koʼzimizga toʼtiyo qilgimiz keladi.
Dunyoda millat va elatlar, xalqlar va davlatlar koʼp, lekin Oʼzbekiston bitta. Uning bayrogʼi ham yagona. Аna shu bayroq ostida davlatimiz rahbari rahnamoligida inson qadrini ulugʼlab, mamlakatimiz fuqarolari ertaga emas, aynan bugun oʼz hayotidan rozi va mamnun boʼlib yashashi uchun ezgu maqsadlar sari olgʼa boraveramiz. Oʼzbekiston farzandlari qaerda boʼlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʼini ardoqlaydi va boshimiz uzra baland koʼtarishdan toʼxtamaydi.